4 Ноя 2023

MILLIY TIKLANISHDAN − MILLIY YUKSALISH SARI

 MILLIY TIKLANISHDAN − MILLIY YUKSALISH SARI
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi oʻzgarmoqda. Yurtimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etishda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan hayotbaxsh gʻoyaning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5040-son qarorida bir qator vazifalar belgilab qoʻyilgan. Jumladan, ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” gʻoyasini keng targʻib etish orqali jamiyatda sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirishdir.
Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasida 2023-yil 3-noyabr kuni “Milliy tiklanishdan − milliy yuksalish sari: yurtimizda kechayotgan iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va maʼnaviy islohotlar” mavzusida “maʼrifat soati” tashkil etildi. Unda Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori Feruza Muxitdinova ishtirok etdi.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadida keng koʻlamli islohotlar, hayotimizning barcha jabhalarini erkinlashtirish, iqtisodiyot va uning tarmoqlari, xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasida katta oʻzgarishlar xalqimizni har tomonlama xursand qilmoqda. Albatta, bularning barchasi qoʻlga kiritilgan davlat mustaqilligining samarasidir.
Bizning davrimizga kelib, masofa bilmas, hudud tanlamas voqelikka aylangan terrorizm, diniy ekstremizm, giyohvandlik, separatizm kabi tashqi tahdidlar, zoʻravonlik, axloqiy buzuqlik, ommaviy madaniyat, egotsentrizm, kosmopolitizm, korrupsiya, jinoyatchilik, millatchilik, loqaydlik kabi ichki mafkuraviy-gʻoyaviy tahdidlar keng jamoatchilik orasida siyosiy, maʼnaviy targʻibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish, uning koʻlami, ilmiyligi, hayotiyligini oshirishni taqozo etmoqda. Shu maʼnoda mazkur qaror jamiyatda sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish uchun xizmat qiladi, deyishga barcha asoslar mavjud.